Shamandan Siskaridzegacha. Zelenskiy urush targ‘ibotchilariga sanksiya kiritdi
Olam
−
19 aprel 2025 4095 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni qo‘llab-quvvatlashda ayblangan rossiyalik madaniyat va sport arboblariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqdagi farmon kecha, 18 aprel kuni Ukraina davlat rahbari devoni saytida joylashtirildi.
Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga aktyor Yevgeniy Mironov, kinorejissyor Yegor Konchalovskiy, aktrisa Irina Apeksimova, ijrochi Nikita Jigurda, qo‘shiqchi Yaroslav Dronov (Shaman nomi bilan tanilgan), sirk artisti va mushuk o‘rgatuvchi Yuriy Kuklachev, “Univera” yulduzi Vitaliy Gogunskiy, artist Oskar Kuchera, rejissyor Aleksandr Pankratov-Chyorniy, balet yulduzi Sergey Polunin, “Lyube” guruhi solisti Nikolay Rastorguyev, Aleksandr Rozenbaum, rok-musiqachi Igor (Garik) Sukachev, Roman Chumakov (reper Jigan) va Vaganova nomidagi Rus balet akademiyasi rektori Nikolay Siskaridze kiritilgan.
Shuningdek, ushbu ro‘yxatdan qilichboz Sofya Velikaya, chang‘ichi Yelena Vyalbe, bokschilar Denis Lebedev va Ruslan Provodnikov, gimnastikachi Nikita Nagorniy ham o‘rin olgan.
Qayd etilishicha, ushbu jismoniy shaxslarning Ukrainadagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi, ularga mamlakatga kirish taqiqlanadi. Qolaversa, nomzodlar Ukraina davlat mukofotlaridan mahrum bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Zelenskiy bunday taqiqlarni muntazam joriy etib keladi. Oldinroq u Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining rossiyaparast arboblar va jurnalistlarga qarshi sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini kuchga kiritgandi. Sanksiyalar ro‘yxatiga 18 ta OAV va 71 kishi kiritilgan. Ular orasida rossiyaliklardan tashqari ukrainaliklar ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatlarini uzaytirgani haqida xabar berilgandi. Ushbu harbiy holat va umumiy safarbarlik rejimi 90 kunga uzaytirilgan va ushbu qonun joriy yilning 6 avgustgacha amal qiladi.
Live
Barchasi