Shaxmatchilar 600 mln so‘m, medal va Equinox bilan mukofotlandi
Sport
−
11 avgust 2022
20224Bugun, 11 avgust kuni tunda Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentga qaytdi.
Chempionlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Madaniyat vaziri Ozodbek Narzarbekov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda jamoatchilik vakillari kutib oldi.
Dastlab, Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxmatchilarga yo‘llagan tabrigini tadbir qatnashchilariga o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng, 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida biror marotaba ham mag‘lubiyatga uchramasdan chempion bo‘lgan Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov 600 mln so‘mdan pul mukofoti, Equinox avtomobili hamda “O‘zbekiston iftixori” medali bilan taqdirlandi.
188 ta mamlakat vakillari ishtirok etgan Shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham munosib qatnashdi va 31-o‘rinni egalladi. Shuning uchun, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Maftuna Bobomurodova va Afruza Hamdamova “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.
O‘zbekiston termasining Hindiston-2 ga qarshi kechgan uchrashuvida qahramonlik ko‘rsatgan Nodirbek Abdusattorov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, musobaqa favoriti deb bilingan Gukesh bilan to‘qnashuv hayot-mamot masalasi bo‘lganini alohida qayd etdi.
“Assalomu alaykum. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan Prezidentimiz va xalqimizga jamoa nomidan minnatdorchilik bildiraman. Ishonchingizni har o‘yinda his qilib turdik. Jamoamiz 180 dan ortiq davlat ichida biror marta yutqazmay, chempion bo‘ldi. Bu bizning ilk g‘alabamiz. Hech kimdan kam emasligimizni isbotladik. Keyingi musobaqalarda ham g‘olib bo‘lishga maksimal darajada harakat qilamiz. Gukesh bilan bahs hayot-mamot jangi bo‘ldi. Chunki Hindistonga qarshi uchrashuvda imkoniyatni boy bermasak, so‘nggi turda qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar kamida 3-o‘rinni naqd qilardik. G‘alabamga ko‘pchilik ishonmagandi. Ko‘nglimni tushirmadim va raqibning xatosidan unumli foydalandim”, deydi Abdusattorov.
O‘zbekiston terma jamoasining sardori Jahongir Vohidov taqdirlash marosimidan keyin bergan intervyusida kelgusi olimpiadada ham kubokni O‘zbekistonda olib qolishlari mumkinligini ta’kidladi.
“Albatta, keyingi olimpiada bahslarida ham kubokni O‘zbekistonda olib qolishga ishonch bor. Chunki bizning jamoa juda yosh hisoblanadi. Buning uchun o‘z ustimizda juda ko‘p ishlashimiz kerak. O‘zbekistonning intellektual salohiyati qay darajada ekanini jahon miqyosidagi raqiblar xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari bildi. Endilikda ular bizning kamchiligimizni topishga harakat qiladi. 2026 yilda o‘z yurtimizda bo‘lib o‘tadigan musobaqada ham chempion bo‘lishga harakat qilamiz”, dedi Vohidov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi shaxmat olimpiadasida o‘tkazgan 11 ta uchrashuvida 19 ochko to‘plagan va xuddi shuncha ochko jamg‘argan Armaniston terma jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldirilgan edi. O‘zbekistonning bundan oldingi eng yaxshi natijasi 1992 yilga to‘g‘ri keldi. O‘shanda o‘zbekistonlik shaxmatchilar kumush medallarga ega chiqqan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston esa ushbu musobaqaga 2026 yilda mezbonlik qilish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
LiveBarchasi