Shaxmat federatsiyasi OAVda tarqalgan xabarlarga izoh berdi

Sport

image

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Nodirbek Abdusattorov bir nechta musobaqaga homiylik mablag‘lari hisobidan ishtiro etgani va  shaxmat federatsiyasi tomonidan u uchun mablag‘ ajratilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Federatsiya raisining 1-o‘rinbosari Husan Turdialiyev 2021 yil yakunlari va 2022 yil rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ushbu masalaga oydinlik kiritdi.  

“OAVda shu haqdagi fikrlarni o‘qidik. Yosh shaxmatchilar o‘z-o‘zidan grossmeyster bo‘lib qolmaydi. Aksariyat musobaqalarga Abdusattorovni federatsiya hisobidan olib borganmiz. 8 yoshlilar o‘rtasida JCH g‘olibi bo‘lganida Yevropaga, 2014 yilda – Ebola epidemiyasi sharoitida 4 nafar shaxmatchini Janubiy Afrika respublikasidagi musobaqadagi ishtirokini ta’minlaganmiz. Bundan tashqari 4-5 yil davomida BAAning Sharja shahrida “Sharjah Masters” va “Ramadan open” turnirlari o‘tkaziladi va barchasida harajatlar federatsiya hisobidan qoplangan. Nafaqat Abdusattorov balki Nodirbek Yoqubboyev, Humoyun Bekmurodov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov kabi shaxmatchilar ham yillik musobaqalarga olib boriladi”, deydi FIDE’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti. 

Shuningdek, Husan Turdialiyev tomonidan dunyo bo‘yicha mingdan ortiq tijoriy turnirlar borligi, federatsiya ularning barchasida shaxmatchilar ishtirokini ta’minlash imkoniyatiga ega emasligi ta’kidlandi: 

“Bundan 3 yil avval AQSHning Sent-Lyuis shahrida ming yillik turniri o‘tkazilgan, viza bilan bog‘liq muammolarga qaramasdan Abdusattorov musobaqada ishtirok etganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. O‘shanda Nodirbek jahon terma jamoasi tarkibida AQSH jamoasini mag‘lub etib, chempionlik kubogiga ega chiqqan. Bundan tashqari xalqaro grossmeysterlar, shu jumladan Rustam Qosimjonov ishtirokida yillik o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladi. Bularning barchasida Nodirbek ham qatnashgan. Markaziy shaxmat klubi yil davomida 5 nafar iqtidorli shaxmatchilarga 200 ming so‘mdan stipendiya to‘laydi va bir marta xalqaro musobaqalar uchun harajatlarni moliyalashtiradi. Dunyo bo‘yicha mingdan ortiq tijoriy turnirlar bor. Agar shaxmatchi musobaqada o‘z hisobidan ishtirok etsa, mukofot pullarini o‘zi oladi. Federatsiya imkon doirasida ularga yordam beradi. Masalan 2019 yilda Nodirbek onasi bilan birgalikda “Aeroflot open” turniriga borgan. Biz har ikkisining harajatlarini qopladik. Uni biz to‘lab berdik. 2017 yilda esa tijoriy turnirlardan birida grossmeysterlik normasini bajargan. O‘sha paytda imkoniyatimiz bo‘lmagan. Biz hech qaysi sportchini sazoyi qilmaymiz”.

Eslatib o‘tamiz, Nodirbek Abdusattorovning otasi Fazliddin Ochilov QALAMPIR.UZ bilan muloqotda 2019 yildagi voqeani esga olgan va o‘g‘lining “Aeroflot 90” turniriga homiylik yordami bilan borganini federatsiyaning moddiy tomonlama imkoniyati cheklanganini sabab qilib ko‘rsatgan edi:

“Har bir federatsiyaning o‘z byudjeti bo‘ladi. Shaxmatni boks, sambo, kurash va futbol bilan solishtirsangiz, undagi mablag‘ mingdan biriga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun biroz imkoniyati cheklangan. Agar hisobidagi pullari ko‘proq bo‘lganida sportchilarga bu uchun yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edi”.

Abdusattorovning o‘zi ham federatsiya faoliyati haqida gapirib, bugungi sharoit avvalgisidan o‘zgarganini ta’kidlagan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Nodirbek Abdusattorov Shaxmat Shaxmat federatsiyasi

Baholaganlar

40

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing