“Shahzod-Gold” 3,5 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Kecha, 17 mart kuni Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi hukmi bilan jamoatchilikka “Shahzod-Gold” nomi bilan tanilgan aralash jang san’atlari ustasi Shahzod Uzoqovga 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Mazkur sud hukmi ijtimoiy tarmoqlarda turli talqinlar bilan muhokama qilinmoqda. Toshkent shahar sudlari bayonotiga ko‘ra, 2025 yil 7 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmi bilan Shaxzod Uzoqov (1999 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) va N.Quldoshev (2000 yilda Qashqadaryo viloyati tug‘ilgan) bezorilik (Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3 qismining tegishli bandlari) jinoyatini sodir etishda aybdor deb topilib, ularga uch yarim yildan to‘rt yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. 

Ayblovga ko‘ra, sudlanuvchilar yo‘l talashish ortidan ishda jabrlanuvchi deb topilgan fuqaro bilan janjallashib kuch ishlatgan, shuningdek, ularni ajratishga uringan yana bir fuqaroga ham qo‘l ko‘tarib, har ikkisiga tan jarohati yetkazgan va voqea joyidan yashiringan. Ayni jarayonda jabrlanuvchining qimmatbaho uyali telefon apparatiga ham shikast yetkazilgan.

Sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi tomonidan Shaxzod Uzoqovning harakati Jinoyat kodeksi 277-moddasi (bezorilik) 3-qismining “a,g” bandlari, N.Qo‘ldoshevning harakati shu moddaning 3-qismi “g” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb topgan. Biroq tayinlangan jazo turi bo‘yicha hukm bilan kelishmagan.

Sudlov hay’ati Shaxzod Uzoqov muqaddam ikki marta, N.Qo‘ldoshev bir marta xuddi shu toifadagi jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilganiga e’tibor qaratib, birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu turdagi jinoyat xarakteri va jamoat uchun xavflilik darajasi yetarlicha inobatga olinmasdan, asossiz ravishda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, degan xulosaga kelgan.  

Sudlov hay’atiga ko‘ra, sudlanuvchilarning shaxsi va ular tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyatiga alohida e’tibor talab etadi. Ya’nikim, sudlanuvchilar professional tarzda aralash jang san’ati (MMA) bilan shug‘ullanuvchi, maxsus jismoniy tayyorgarlikka va jang mahoratiga ega. Shundan kelib chiqib, sudlov hay’ati bunday shaxslar oddiy fuqarolarga nisbatan jismoniy ustunlikka ega bo‘lib, o‘z kuch va imkoniyatlaridan faqat qonun doirasida, sport qoidalari asosida foydalanishi lozim ekaniga e’tibor qaratgan. 

“Sportchiga xos intizom va mas’uliyat namunalarini ko‘rsatish o‘rniga, arzimas sabab bilan janjal chiqarib, jabrlanuvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini yanada oshirishi sud hujjatida alohida ta’kid etiladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning hamda shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq kelishi shart.

Shu va shu kabi qator asoslarga ko‘ra, sudlov hay’ati tomonidan birinchi instansiya sudi hukmi bekor qilinib, sudlanuvchilarga nisbatan uch yarim yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlangan va ular sud zalidan qamoqqa olingan. Sudlanuvchilarning qamoqda bo‘lgan davri va o‘talgan ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan jazodan chegirib tashlanishi hukmda alohida belgilangan.

Ushbu bayonot axborot xarakterida bo‘lib, jinoyat ishi yuzasidan Toshkent shahar sudning yakuniy xulosasi hisoblanmaydi. 

Taraflar Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

bezorilik MMA Shahzod-Gold Shahzod Uzoqov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing