Shahnoza Mirziyoyeva AQSHga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva  Amerika Qo‘shma Shtatlariga bordi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Bildirilishicha, Mirziyoyeva Vashingtonda AQSH Prezidentining xalqaro nogironlik siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara bilan uchrashuv o‘tkazgan. 

Sara Minkara nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surishda, shuningdek, O‘zbekistonda "inklyuziv ta’lim"ni joriy etish sohasida birgalikda ishlash va har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidlagan.

Shahnoza Mirziyoyeva  esa o‘zining Instagram’dagi sahifasida Sara Minkara o‘zida ulkan salohiyat, aql-zakovat va nazokatni uyg‘unlashtira olgani bilan uni hayratda qoldirganini yozgan.

“O‘zining qiziqishlari va rejalarini siz bilan baham ko‘radigan maslakdoshlar bilan uchrashish – katta muvaffaqiyat. Agar bu amalda ro‘y bersa, birgalikda ijobiy natijalarga erishish uchun faqatgina kuchlarni birlashtirish talab etiladi. Vashingtonda shunday hamfikrni uchratish baxtiga muyassar bo‘ldim”, deb yozadi Mirziyoyeva. 

Shuningdek, u nogironlar huquqlarini ta’minlash yo‘lida Sara Minkara amalga oshirayotgan ishlar tahsinga sazovorgina bo‘lib qolmasdan, balki harakatlanishda davom etishga ruhlantirishini urg‘ulagan. 

“Biz stigmatizatsiya va diskriminatsiyaga barham berish, nogironlarning ta’lim olish va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish huquqlarini ta’minlash, shuningdek, ularning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish mavzusida uzoq suhbatlashdik”, deydi Mirziyoyeva.

Uning aytishicha, muammolar xususida mushtarak qarashlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam berish istagi tezda umumiy til topishimizga yordam bergan. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi delegatsiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida Merilend shtatining Montgomeri okrugi Sog‘liqni saqlash departamentiga hamda Nyu-York shahrida joylashgan Sent-Meri bolalar shifoxonasiga (St. Marry’s Hospital for Children) borgan.

Bildirilishicha, Montgomeri okrugi Sog‘liqni saqlash departamenti autizmli bolalar, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar va keksalar uchun keng qamrovli xizmatlarni taqdim etishga mo‘ljallangan. Markaz salomatlikni tiklash bo‘yicha standart dasturlarni taqdim etishdan tashqari, aholiga 5 ta yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi: keksalar va nogironlarga xizmat ko‘rsatish, inqirozli xizmatlar va xulq-atvori buzilgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish, bolalar, yoshlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, sog‘liqni saqlash xizmatlari va profilaktika xizmatlari, uysizlar. Markaz aholiga 24/7 tez yordam xizmatlarini ko‘rsatadi.

Muzokaralar natijasida delegatsiya vakillariga Markazning ish metodologiyasi bo‘yicha axborot taqdim etilib, Markaz tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash uchun foydalaniladigan "Community Connect" portalidan foydalanish bo‘yicha treninglar o‘tkazish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishilgan.

Nyu-Yorkdagi shifoxona esa AQSHdagi jismoniy va ruhiy salomatligi cheklangan bolalarga qaratilgan pediatriya yordami sohasida yetakchilardan biri hisoblanadi.

Reabilitatsiya, neyroreabilitatsiya, lokomotor terapiya bo‘yicha standart dasturlarni taqdim etishdan tashqari, shifoxona uyda parvarish qilish, bolalarning ahvolini masofadan nazorat qilish, palliativ yordam hamda bemor oila a’zolariga ko‘maklashish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish va amaliyotda mazkur tajribalardan foydalanish yuzasidan tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva  AQSHga borganida Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi va AQSH Prezidenti administratsiyasining gender siyosati bo‘yicha Kengashi direktori Jennifer Klyayn  bilan uchrashgandi. Avgust oyida esa Bayden O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida AQSH va O‘zbekiston strategik hamkorligi yo‘lida Mirziyoyev bilan ishlaganidan, uning qizi Saida Mirziyoyevani Vashingtonda kutib olish sharafiga muyassar bo‘lganidan mamnunligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shahnoza Mirziyoeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing