Sergelini sasitayotgan 96 gektarlik “axlatxona”
Jamiyat
−
09 iyul 3986 3 daqiqa
Shahar o‘rtasidagi 96 gektarlik chiqindixona
Bir necha yildan buyon minglab odamlar nafas olayotgan havoga badbo‘y hid aralashib kelmoqda. Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan Salar oqova suv tozalash inshootining atrofidagi muammo davlat rahbarining ham e’tiborini tortdi. QALAMPIR.UZ muxbiri manzilga borib, holatni yaqindan o‘rgandi.
Yuriy Gagarin insoniyat tarixida ilk bor koinotga parvoz qilgan kuni, ya’ni 1961 yil 12 aprelda Toshkentda yana bir muhim inshoot ishga tushirilgan edi. Bu – Salar oqova suv tozalash inshooti. O‘sha kundan buyon, qariyb 65 yil davomida mazkur majmua bir daqiqa ham to‘xtamasdan kechayu kunduz ishlab kelmoqda.
Oradan yillar o‘tdi. Toshkent kengaydi, aholi soni bir necha barobar oshdi. Ilgari shahar chekkasi hisoblangan hudud bugun ko‘p qavatli uylar, mahallalar va serqatnov magistrallar bilan o‘ralgan. Natijada shaharning “filtri” deb ataladigan inshoot bugun odamlar yashaydigan hududning qoq o‘rtasida qolib ketdi.
Salar inshootiga shahardagi 7 ta tumanning kanalizatsiya oqova suvlari kelib tushadi. Majmuaning quvvati sutkasiga 960 ming kub metrni tashkil etadi. Amalda esa har kuni 860–900 ming kub metr oqova suv shu yerda qabul qilinib, tozalanadi. Bu poytaxtdagi eng yirik oqova suv tozalash inshooti hisoblanadi. Shunday yirik ob’ekt atrofida sanitariya himoya zonasi xalqaro me’yorlarga ko‘ra, kamida 500, ayrim hollarda esa 1000 metr bo‘lishi kerak. Biroq, bugun ayrim turar-joylar inshootdan atigi 50 metr uzoqlikda joylashgan. Bu esa sanitariya talablari bir necha yillar avval qo‘pol ravishda buzilganidan dalolat beradi.
Vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan omillardan biri – inshootga tutash hududdan yirik avtomobil yo‘lining o‘tkazilganidir. Bu yerdan o‘tayotgan har bir haydovchi va shu atrofda yashovchi minglab aholi deyarli har kuni badbo‘y hidni his qiladi. Muammoning yechimi sifatida Salar oqova suv tozalash inshootini Quyi Chirchiq tumaniga bosqichma-bosqich ko‘chirish rejalashtirilgan.
Biroq hozircha bu loyiha amaliy bosqichga o‘tmagan. Ayni paytda vaqtinchalik chora sifatida havoni tozalash filtratsiya tizimini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Mas’ullarning ma’lum qilishicha, Rossiyadan qiymati qariyb 9,5 milliard so‘m bo‘lgan maxsus havo filtratsiya uskunasi xarid qilinishi kutilmoqda. Uskuna yaqin haftalarda olib kelinib, sentyabr oyigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bu muammoda aybdorni faqat bitta tashkilotdan qidirish to‘g‘ri emas. Bir tomonda shaharsozlik qoidalariga rioya etmasdan sanitariya himoya hududida qurilishlarga ruxsat bergan mutasaddilar, ikkinchi tomonda ekologik talablarni mensimagan ayrim tadbirkorlar, yana bir tomonda esa, qonunbuzilishlarga yillar davomida ko‘z yumilgan tizim turibdi. Ayrim korxonalar chiqindi suvlarini talab darajasida tozalash uchun filtratsiya uskunalariga sarmoya kiritish o‘rniga, jarima to‘lashni arzonroq deb hisoblamoqda. Natijada esa, buning bahosini davlat emas, tadbirkor emas, balki oddiy fuqaro o‘z salomatligi bilan to‘lamoqda.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi