Toshkentda yo‘lkirani to‘lamay, nazoratchiga qarshilik ko‘rsatgan shaxs qamaldi (video)

3-sahifa

−

image

Toshkent shahrida avtobusda yo‘l kira haqini to‘lamagan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, janjal qilgan yo‘lovchiga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan avtobuslarda to‘lov madaniyatini oshirishga qaratilgan kuchaytirilgan nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 15 avgust kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani hududida olib borilayotgan reyd tadbiri davomida “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan fuqaro M.M. avtobusdan bekatga tushganida yo‘l haqi to‘lovini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishini so‘ragan vaqtda yo‘lovchi turli vajlarni keltirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan holda nazoratchi talabini bajarmasdan qarshilik qilgan. Fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida yo‘lovchi janjal chiqarib, nazoratchiga kuch ishlatishga uringan. Bu holat nazoratchiga biriktirilgan bodi kamera orqali yozib olingan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 24 sentyabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi binosida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Sud majlisida huquqbuzar M.M. ga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi berilgan.

“Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi nazoratchilari hokimiyat vakilidir. Ularga hujum qilish, zo‘ravonlik bilan tahdid qilish va haqorat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilar uchun eslatma:

  • yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashlari shart;
  • yo‘l haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi;
  • chiptasiz yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismiga asosan jarima qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 oktyabr sanasidan poytaxtda avtobus va metroda elektron to‘lov orqali bir martalik yo‘l haqi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga ko‘tariladi, naqd puldagi to‘lov esa 3 000 so‘mligicha qoladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing