SHHT davlatlari yadro quroli bo‘yicha majburiyatiga sodiqligini tasdiqladi
Olam
−
04 iyul 2023
4687Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Jahon savdo tashkilotini inklyuziv isloh qilishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Hindiston raisligida onlayn tarzda o‘tkazilgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Nyu-Dehli deklaratsiyasida aytildi.
SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan qo‘shma deklaratsiyada tashkilot Jahon savdo tashkilotini isloh qilish tarafdori ekanini bildirgan.
Bundan tashqari, SHHTga a’zo davlatlar tashkilot boshqa davlatlarga qarshi qaratilgan emasligini va keng hamkorlikka ochiqligini tasdiqlagan. Shuningdek, tashkilot xalqlarning o‘z taraqqiyot yo‘llarini mustaqil va demokratik tanlash huquqini hurmat qilish tarafdori ekanini bildirgan.
Shu bilan birga, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qat’iy rioya qilishga chaqirishini ta’kidlagan.
SHHT yetakchilari oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ustuvor yo‘nalishlar deb atagan. Tashkilot yoshlarning terrorchi guruhlarga qo‘shilishiga qarshi kurashishga chaqirgan hamda sog‘liqni saqlash va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan.
Sammit deklaratsiyasida SHHT mamlakatlari dunyoda transformatsion o‘zgarishlar yuz berayotgani va texnologik taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘yayotgani, tahdidlar tobora buzg‘unchi bo‘lib borayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, SHHT terrorizmga qarshi kurash bahonasida mamlakatlarning ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligini e’lon qilgan. Tashkilotga a’zo davlatlar radikal shaxslarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga reintegratsiya qilish dasturlarini amalga oshirishini bildirgan.
Bundan tashqari, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari quyidagi hujjatlarni ham imzolagan:
• 2030 yilga qadar SHHT mintaqasida iqtisodiy rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida qaror;
• Eron Islom Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish tartibotini yakunlash va unga SHHTga a’zo davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror;
• Belarus Respublikasining SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni imzolash haqida qaror.
Shu bilan birga, iqtisodiy hamkorlik va raqamli transformatsiyani yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan 10 ta hujjat qabul qilingan.
Tadbir so‘ngida SHHTga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tgan. Ishtirokchi davlatlar rahbarlari 2024 yilni SHHT Ekologiya yili deb e’lon qilgan.
LiveBarchasi