Sevgilisi sabab futbolchi klubdan qochib ketdi
Sport
−
10:56 994 2 daqiqa
Turkiyaning “Kojaelispor” klubi yarim himoyachisi Habib Ali Keyta bir qizga oshiq bo‘lib qolgani sababli jamoani ruxsatsiz tark etgan. Bu haqda klub prezidenti Rejep Durul ma’lum qildi.
24 yoshli malilik futbolchi o‘tgan mavsumda “Kojaelispor” safida ijara asosida o‘ynagan, shu yil iyul oyida esa Fransiyaning “Klermon” klubidan doimiy transfer asosida jamoaga qo‘shilgan. U o‘tgan mavsumda klub safida 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urgan.
“Albatta, Keytaning jamoani ruxsatsiz tark etgani yaxshi emas. Mish-mishlarga ko‘ra, u bir qizga oshiq bo‘lib qolgan va aynan shu sababli jamoadan ketgan. Bundan tashqari, u Turkiyada emas, chet elda faoliyatini davom ettirishni xohlayapti. Uning vakillari esa ba’zan qo‘ng‘iroqlarga javob berishadi, ba’zan esa yo‘q. “Kojaelispor” zarur huquqiy jarayonlarni boshlaydi, ammo hozircha biz unga vaqt berdik. Aytishlaricha, unga uch-to‘rtta klubdan qiziqish bor, ammo hozircha bizga birorta ham rasmiy taklif kelib tushmagan”, deydi Durul.
Klub rahbari futbolchi qaytgan taqdirda ham uning kelajagi muhokama qilinishi mumkinligini ta’kidladi.
“Agar Keyta qaytsa, klub uchun qaysi qaror ma’qul ekanini ko‘rib chiqamiz. Kerak bo‘lsa, uni kechiramiz va jamoaga qaytaramiz. Hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q, ammo intizomiy choralar albatta qo‘llaniladi. Ular qanday bo‘lishini hali belgilamadik.
Agar futbolchi qilgan xatosi uchun uzr so‘rasa, adashganini tan olsa, men bu haqda o‘tirib o‘ylab ko‘raman. Ochig‘ini aytsam, uni jamoaga qaytarishni istardim, chunki u foydali o‘yinchi”, deya qo‘shimcha qildi klub prezidenti.
Habib Ali Keytaning o‘zi esa bu haqda tarqalgan xabarlarni keskin rad etdi.
“Tuhmat hech qachon hech kimni yaxshi ko‘rsatmaydi. Ammo ayrimlar bunday xatti-harakatlarni jiddiy emas deb hisoblashadi, chunki men doimo jilmayib yuradigan va bosiq insonman. Haqiqatni bilish har doim yolg‘on tarqatishdan ko‘ra, ko‘proq vaqt talab qiladi. Men bunday bema’ni gaplarning yana tarqalishiga yo‘l qo‘ya olmayman. Mening mehribonligimni zaiflik deb qabul qilmasliklari kerak”, deydi futbolchi.
Ma’lumot uchun, “Kojaelispor” o‘tgan mavsumda (2025–2026) Turkiya Superligasida 11-o‘rinda yakunladi. Eslatib o‘tish joiz, klub 2024–2025 mavsumida TFF 1-ligasida chempion bo‘lib, 16 yillik tanaffusdan so‘ng, Turkiya elitasiga qaytgan edi.
Live
Barchasi