Issiqko‘ldagi pansionatlar karantinga yopildi
Olam
−
20 mart 2020
6408Qirg‘izistonda Issiqko‘l sohilidagi pansionat, motellar va dam olish uylari koronavirus tufayli yopildi. Bu haqda bugun 20 mart kuni Issiqko‘l viloyati ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.
Joriy yilning 18 mart kuni Qirg‘izistonda koronavirusning birinchi holatlari e’lon qilindi. Kasallik Jalolobod viloyatining Suzak tumanida yashovchi uchta odamda tasdiqlangan.
Bugun, 20 mart kuni ham Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘sh viloyatining Novqat tumanida yashovchi uch kishida koronavrius aniqlanganini ma’lum qildi. Ularning barchasi yaqinda Saudiya Arabistoni va Quvaytdan qaytgan fuqarolar hisoblanadi.
"Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy shtab yig‘ilishida Issiqko‘l viloyatidagi pansionatlar, sanatoriyalar va dam olish uylarini vaqtincha yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi", deydi ma’muriyat vakili.
Issiqko‘l - Qirg‘izistonning asosiy kurortlari joylashgan hudud hisoblanadi. Har yili milliondan ortiq sayyohlar qirg‘oqdagi pansionatlar va motellarga tashrif buyurishadi. Issiqko‘lda O‘zbekiston Respublikasiga tegishli sanatoriyalar ham bor.
2016 yil 4 aprelida Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Temir Sariyev Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli “Dilorom”, “Rohat”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarini Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risida qaror imzoladi.
Keyinchalik, 2017 yilning dekabrida Qirg‘iziston Parlamenti pansionatlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha Toshkent bilan imzolangan shartnomani ratifikatsiya qilgan va shundan so‘ng, o‘sha paytdagi Bosh vazir Sapar Isoqov to‘rt pansionatni O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Ammo pansionatlar O‘zbekistonga qaytarilmagani sababli 2017 yilda rasmiy Toshkent Xalqaro arbitraj sudiga da’vo bilan chiqqan edi.
LiveBarchasi
26 noyabr