Andijonda Qirg‘iziston bilan chegaradagi “Keskanyor” posti ochiladi
Jamiyat
−
13:56 567 2 daqiqa
O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan “Do‘stlik” postiga nisbatan ikki barobar katta “Keskanyor” chegara postini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Andijonning transport va logistika imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalar belgilangan.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li hisobiga yuk tashish hajmini 10 karra oshirib, yiliga 15 million tonnaga yetkazish imkoni paydo bo‘ladi. Shu munosabat bilan yil yakunigacha Qo‘rg‘ontepa va Xonoboddagi 300 gektar maydonda 600 million dollarlik logistika kompleksi loyihasini boshlash topshirilgan.
Qirg‘iziston bilan “Do‘stlik” postiga nisbatan ikki barobar katta “Keskanyor” chegara postini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etilgan. Uch oyda uning loyihasini ishlab chiqib, qurilishni boshlash vazifasi qo‘yilgan. Bu yuk tashish hajmini 2-3 karra oshirish va muddatini bir haftaga qisqartirishga xizmat qiladi.
Yangi transport oqimiga mos ravishda 78 kilometrli “Xonobod – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini loyihalashga kirishiladi.
Shu oydan “Toshkent – Andijon” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 6 soatdan 4 soatga qisqardi. Kelgusi yil “Toshkent – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.
Live
Barchasi