Qirg‘iziston o‘zining ilk sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchiradi
Olam
−
22:06 469 2 daqiqa
Qirg‘iziston joriy yilning 1 oktyabr kuni mamlakat tarixidagi ilk xususiy sun’iy yo‘ldoshini Yer atrofidagi orbitaga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Parvoz AQSHning Kaliforniya shtatidagi maydonchadan amalga oshiriladi. Bu haqda “Ekonomist.kg” xabar berdi.
Hukumat raisi o‘rinbosari – Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov sun’iy yo‘ldoshni taqdim etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilmadan olinadigan ma’lumotlardan, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari sovuq tushishi va qurg‘oqchilik yaqinlashayotganini kuzatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun ma’lumotlarni tahlil qilish imkonini beradi.

Qurilma ilgari kompyuterlar va nazorat-kassa mashinalarini yig‘ish bilan shug‘ullangan “Kirgiz elektronika” korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qirg‘izistonlik muhandislarga uni ishlab chiqish va yasash uchun 2,5 yil vaqt kerak bo‘lgan.
Sun’iy yo‘ldoshning vazni 5 kgni tashkil etadi, uning qiymati esa 10-12 million som – taxminan 130 ming dollarga baholanmoqda.
“Kirgiz elektronika” direktori Ilya Chyorniyning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh ko‘p funksiyali bo‘lib, yuqori aniqlikdagi kameralar bilan jihozlangan. Ulardan olinadigan tasvirlarga, ayniqsa, Qishloq xo‘jaligi vazirligida ehtiyoj yuqori.
Shu bilan birga, Chyorniy sun’iy yo‘ldoshni to‘liq Qirg‘iziston ishlanmasi deb hisoblab bo‘lmasligini ta’kidlagan: foydalanilgan texnologiyalarning katta qismi Rossiyada ishlab chiqarilgan. Agar qurilma to‘liq noldan yasalganda, buning uchun 10-15 yil vaqt talab etilgan bo‘lar edi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston o‘z sun’iy yo‘ldoshini uchirgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakat bo‘lmaydi. Avvalroq, ana shunday loyihani xitoylik hamkorlar ishtirokida O‘zbekiston amalga oshirgan edi. Avgust oyida Xitoy kompaniyasi “Samarkand-2028” giperspektral sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Uning bort tizimi sun’iy intellekt texnologiyalari asosida O‘zbekistonda ishlab chiqilgan modul bilan jihozlangan.
Live
Barchasi