Sergelidagi portlash haqida xorij nashrlari nima deyapti?
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
41585Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkentning Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mazkur dahshatli voqea xorijning bir qancha mashhur telekanallari, nashrlari tomonidan ham keng yoritilib, dunyo nigohi bugun O‘zbekistondagi fojiaga qaratildi.
Masalan, Germaniyaning “Deutsche Welle” nashri portlash to‘lqini shu qadar kuchli ekanini, uni zilzila o‘chog‘idan 30 km uzoqlikda joylashgan Nurafshon aholisi ham sezganini yozgan.
Nashrning qayd etishicha, Rossiya matbuoti portlash chaqmoq urishi tufayli sodir bo‘lganini iddao qilgan.
“Reuters” nashri esa ombor tepasi ulkan tutunli bulut bilan qoplanganini, ammo portlash sababi darhol aniqlanmaganini bildirgan.
“Mash” Telegram-kanali xabariga ko‘ra, “Inter Logistics” MCHJ omborida elektromobillar uchun akkumulyatorlar portlab ketgan, ombor esa zarba to‘lqini ta’sirida vayron bo‘lgan.
Qozog‘istoning “Tengrinews” saytida qayd etilishicha, portlash sodir bo‘lgan logistika majmuasi 2017 yil mart oyida yangi tashkil etilgan “Inter Logistics” MCHJ QK negizida ish boshlagan. Ob’ektga International Logistics Center - United Cargo Center Corporative nomi berilgan.
Majmua tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvi va jo‘natish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
LiveBarchasi