Sergelidagi ishchilar yotoqxonasida portlash va yong‘in yuz berdi
3-sahifa
−
29 noyabr 2021
9672Bugun, 29 noyabr kuni Toshkentning Sergeli tumanidagi korxonada ishchilar yotoqxonasida portlash yuz berdi. Bu haqda FVV xabar qilmoqda.
Portlash soat 05:05da Sergeli tumani Nilufar 3-tor ko‘chasida “Uzmill” MCHJ hududida ishchilar uchun joylashgan yotoqxonada yuz bergan. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va buning oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan.
Voqea joyida 43 nafar ishchi bo‘lgan, yong‘in oqibatida ulardan 18 nafari har xil turdagi kuyish tan jarohati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q.
Voqea sodir bo‘lgan joyga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 05:08da yetib borib, yong‘in soat 05:29da qurshab olingan va soat 05:43da batamom o‘chirilgan.
Hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari rahbarligida Toshkent shahar FVB, IIB, SSB, “Hududgaz ta’minoti” AJ rahbarlaridan iborat tezkor tergov guruhi tashkil etilgan.
Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashiga gaz quvurlarining nosozligi oqibatida xonaga gaz to‘planishi sabab bo‘lgan.