Sergelidagi fojiada vafot etgan bolaning oilasiga davlat yordam beradimi?
Jamiyat
−
29 Sentabr 2023
13367Xabaringiz bor, kecha, 28 sentyabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonaning portlashi oqibatida ushbu hududga yaqin ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi 2006 yilda tug‘ilgan Abrorxo‘ja Abbosxo‘jayev vafot etgan edi.
QALAMPIR.UZ jamoasi bugun, 29 sentyabr kuni ham voqea sodir bo‘lgan hududga borib, tiklash va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi va hodisa joyida bo‘lib turgan Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Shavkat Umurzoqovga mikrofon tutdi.
“Marhumning ota-onasi bilan gaplashdim. Ular judayam tushkun holatda. Farzand dog‘ini dushmaningizga ham ravo ko‘rmaysiz. Hamma yordamni qilyapmiz, lekin, o‘zlariga ham aytdikki, biroz holatlari yaxshilangach, yana ko‘rishib, suhbatlashamiz. Xotirjam bo‘lgach, nima yordam kerakligini aytishsa, albatta yordam beriladi”, deydi Umurzoqov.
U so‘zida davom etarkan, atrofidagi saxovatpesha do‘stlari ham jim qarab turmagani, kimga qanday yordam kerak bo‘lsa, tayyorligini bildirdi.
“Qancha o‘rtoq va tanishlarim qo‘ng‘iroq qilib, kimga nima yordam beraylik, deb so‘rashmoqda. Bunday odamlar yo‘q emas. Viloyat hokimlari qo‘ng‘iroq qilishyapti, nima yordam beraylik [deb so‘rashyapti]. Rahmat, Hukumatimiz tomonidan hamma sharoit qilib berildi”, deydi Umurzoqov.
305-maktabning 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Abrorxo‘ja Abbosxo‘jayev portlash sodir bo‘lgan vaqtda o‘z uyida, xonaning derazaga yaqin qismida uxlayotgan bo‘lgan. Kuchli zarbdan xona ichiga qulagan rom oynasi bolaning bo‘ynini kesib yuborgan. Bola voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari bo‘lmagan holda olib kelingan.
Eslatib o‘tamiz, Sergelidagi hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizilgan.
Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordami ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
LiveBarchasi