Sergeli avtomobil bozori buziladimi?
Jamiyat
−
01 iyun 4637 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Sergeli avtomobil bozori buzilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Sergeli avtomobil bozori hududida sotuvchilar, xaridorlar va tashrif buyuruvchilarga qulayliklarni oshirishga qaratilgan rejali qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Olib borilayotgan ishlarning bosh maqsadi — bozor infratuzilmasini yangilash, xavfsizroq, zamonaviy va tartibli savdo muhitini yaratish, shuningdek, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashdan iborat”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, bozor o‘z faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirmoqda. Uning buzilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Ishlar doirasida bozorning ma’muriy binosiga kirish qismlari yangilanib, granit plitalar yotqizilmoqda. Bozor hududidagi 26 500 kvadrat metr maydonga yangi asfalt qoplamasi yotqizilgan. Shuningdek, yana 16 200 kvadrat metr maydonni asfalt qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ehtiyot qismlar sotiladigan savdo do‘konlarining tom qismlarini yangilash ishlari olib borilmoqda. Do‘konlar tepasidagi tartibsiz joylashtirilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinmoqda, vitrinalar almashtirilmoqda, foydalanilgan ehtiyot qismlar savdosi amalga oshiriladigan konteynerlar esa zamonaviy va tartibli ko‘rinishga keltirilmoqda. Bozor hududiga avtotransport vositalarining kirishi uchun inson omilisiz, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi uskunalari o‘rnatilmoqda.
“Toshkent shahar hokimligi olib borilayotgan ushbu ishlar bozorning buzilishi bilan bog‘liq emasligini alohida ta’kidlaydi. Aksincha, ushbu sa’y-harakatlar hududni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaxshilash va poytaxt aholisi uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Fuqarolardan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanish va tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik so‘raladi.
Live
Barchasi