Senegal kubok va medallarni berishdan bosh tortmoqda

Sport

image

Senegal Afrika kubogi g‘olibligi bekor qilingach, kubokni va medallarni qaytarib berishdan bosh tortmoqda. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.

Kecha, 17 mart kuni Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) misli ko‘rilmagan qaror qabul qilib, Afrika kubogi final natijasini o‘zgartirdi va oradan 58 kun o‘tgandan so‘ng Senegalga texnik mag‘lubiyat yozgan holda chempionlik Marokashga berildi.

“Bu qaror adolatsiz, misli ko‘rilmagan va qabul qilib bo‘lmaydigan holat bo‘lib, Afrika futboli obro‘siga putur yetkazadi. O‘z huquqlarimizni himoya qilish uchun tez orada Lozannadagi Sport arbitraj sudiga murojaat qilamiz”, deya bayonot berdi Senegal futbol federatsiyasi.

Federatsiya bosh kotibi Abdulaye Sou ham kubok mamlakatda qolishini ta’kidladi. 

“Jang hali tugamadi. Senegal haqli va g‘alaba biz tomonda. Kubok hech qayerga ketmaydi”, deydi u.

Finaldan keyin Marokash futbol federatsiyasining shikoyatidan so‘ng CAF tekshiruv o‘tkazib, Senegal jamoasi reglamentning 82-moddasini buzganini, ya’ni o‘yin yakunlanmasdan maydonni tark etganini asos sifatida keltirdi.

Shuningdek, qarorga futbolchilar ham keskin munosabat bildirdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda kubok bilan tushgan suratlarini ulashib, o‘zlarini haqiqiy chempion deb hisoblashlarini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Rabotda bo‘lib o‘tgan finalning 98-daqiqasida yuzaga kelgan bahsli penalti ortidan senegallik futbolchilar taxminan 15–20 daqiqa maydondan tark etgan. Keyinchalik sardor Sadio Mane ularni qaytishga ko‘ndirgandi. Penaltidan Marokash unumli foydalana olmagan. Qo‘shimcha vaqtda esa Pape Gueye g‘alaba golini urib, Senegalga chempionlikni olib kelgan edi, biroq CAF qarori bilan natija o‘zgartirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Marokash Senegal Afrika kubogi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing