Senatorlar o‘z hududi muammolarini olib chiqishda tashabbus ko‘rsatmadi – Norboyeva xonim

Jamiyat

image

Bugun, 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tyapti.

Majlis ochilishida Senat raisi Tanzila Norboyeva nutq so‘zlab, parlament nazorati masalasida to‘liq ishga tushirilmagan imkoniyatlar mavjudligini aytib o‘tdi.

Birinchidan, qonunlar, davlat va hududiy dasturlar ijrosi ustidan nazorat mexanizmlarini bugungi kun talablari asosida tubdan takomillashtirish payti keldi.

Odamlarni bugun tashvishga solayotgan va yechimi ham aynan bugun zarur bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratish kerak.

Shu bilan birga, qabul qilinadigan qarorlarda ijrochilarga umumiy mazmundagi ko‘rsatmalar berishdan butunlay voz kechib, muammolar yechimiga qaratilgan aniq topshiriqlar berish shart va bunda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhim omil hisoblanadi.

Ikkinchidan, qonunlarda belgilangan vakolatlardan samarali foydalangan holda parlament nazorati doirasini amalda yanada kengaytirish kerak.

Ma’lumki, biz ushbu yo‘nalishda, asosan, davlat organlari faoliyatiga e’tibor qaratyapmiz.

Chunki, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining talab va ehtiyojlarini qondirishda nafaqat davlat organlari, balki xo‘jalik boshqaruvi organlari ham muhim o‘rin egallaydi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida muhtaram Prezidentimiz tomonidan iqtisodiyotning muhim soha va tarmoqlarini innovatsion yondashuvlar asosida tubdan takomillashtirishga qaratilgan qator dolzarb vazifalar belgilab berildi. 

Masalan, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, jumladan paxta xomashyosini to‘liq o‘zimizda qayta ishlab, chetga faqat tayyor mahsulot eksport qilish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi. 

Shuningdek, neft-gaz, elektrotexnika, avtomobilsozlik, qurilish kabi ko‘plab sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar qabul qilindi.

Ularning bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, jumladan tarmoq rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyotini Senat kun tartibiga kiritish lozim bo‘ladi.

Uchinchidan, Senat faoliyatidagi hududiy manfaatlar ustuvorligidan kelib chiqib, viloyat, tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari uning doimiy diqqat markazida bo‘lishi kerak.

Biroq, afsuski, ayrim senatorlar o‘zlari saylangan hudud muammolarini Senat minbariga olib chiqishda deyarli tashabbus ko‘rsatmadilar.

Holbuki, birgina viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish va muhokama qilish jarayonida hududlarni rivojlantirish borasida qanchadan qancha vazifalar, muammolar turganiga ishonch xosil qildik.

Bu muammolarni senatorlarimiz ko‘tarib chiqishlari kerak emasmidi?”, dedi Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisi 5 yillikdagi va joriy yildagi so‘nggi majlis hisoblanadi. Keyingi Senat yalpi majlisi kelasi yil yangi tarkib bilan o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat 25-yalpi majlis

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing