Senatorlar Uy-joy kodeksini ma’qullamadi. Hujjatda korrupsiyaga moyillik bor

Jamiyat

image

Senatning bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi senatorlar tomonidan ma’qullanmadi. 

Kodeksni ishlab chiqishda jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi mas’uliyatini oshirish ko‘zlangan.

Ammo muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qo‘llash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmaganini ta’kidladi.

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan. Bu esa hokimiyat vakolatlarini suiste’mol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi.

Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yo‘llari ya’ni, yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligatsiyalarini olish yo‘llarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mulkdorlar bilan shartnoma asosida turar joy buzilishi va uning o‘rnida yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va turar joyni qurish uchun zarur ruxsatnoma olinganidan keyin kuchga kirishi Kodeksda aks ettirilgan bo‘lsa-da, shartnomaning qaysi turi haqida so‘z yuritilayotganligi mavhum qolgan.

Vaholanki mazkur masalalar shartnomaviy huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksida ham o‘z aksini topmagan.

Shu bilan birga, qonunchilik texnikasi qoidalariga lozim darajada rioya qilinmagan. Ba’zi normalar bir-biriga zid. Qator moddalar bilan davlat organlariga diskretsion (cheklanmagan) vakolatlar berilgan hamda Kodeksda qo‘llanilgan bir qator havolaki normalar yetarli asoslarga ega emas. O‘z navbatida, ushbu holatlar turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq deb topildi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing