Senatorlar “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan senator M. Jumagaldiyev ma’ruza qildi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi” nashri.

Ushbu Qonunga ko‘ra davlat-xususiy sheriklik bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligidir.

Mazkur qonun davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asosini yaratish bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq qoida va jarayonlar, institutsional tizimini tartibga soladigan va qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tamoyillar va davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq boshqa masalalarni qamrab olgan.

“Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun 10 ta bob va 44 ta moddadan iborat.

Qonunda umumiy qoidalar, davlat-xususiy sheriklik sohasini davlat tomonidan tartibga solish, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning taraflari, xususiy sherikni tanlash, davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashabbus qilish va ushbu loyihani amalga oshirish, loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring va hisobdorlik hamda davlat-xususiy sheriklikni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilab berilgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari bilan belgilangan hollarda, davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlashda hamda intellektual faoliyat natijalariga doir mutlaq huquqlar, boshqa mutlaq huquqlar, yer uchastkasi,ko‘chmas mol-mulk ob’ekti va o‘zga mol-mulk muayyan shaxsga tegishli bo‘lganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish asosida tender o‘tkazmasdan bitim tuzish mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning asosiy shartlari, amal qilish muddati, bitimni o‘zgartirish, to‘ldirish yoki bekor qilish asoslari, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun jalb qilingan mol-mulk, yer uchastkalarini berish, bitim taraflarining mulkiy javobgarligi, davlat-xususiy sheriklik ob’ektiga bo‘lgan mulk huquqini o‘tkazish tartibi belgilangan.

Unga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerak.

Savol javoblardan so‘ng mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun yalpi majlis

Baholaganlar

6

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing