Senator qotilliklarning qariyb 50 foizi oilalarda yuz berayotganini aytdi

Jamiyat

image

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida sodir etilgan qotillik jinoyatlarining qariyb 50 foizi oilalardagi nizolar oqibatida yuz bergan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov yuqori palataning 29-yalpi majlisidagi nutqida aytib o‘tdi.

Burhonov oilaviy nizolar oqibatida yuzaga kelgan jinoyatlarga to‘xtalib, 6 oyda 183 ta qotillikning 80 tasi yoki 44 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqanini aytib o‘tgan. Ushbu jinoyatlarning 77 tasi yoki 96 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘il, ya’ni yaqin qarindoshlar o‘rtasida yuz bergan.

“Oila-turmush doirasida sodir etilgan jinoyatlarni shaxslar doirasida tahlil qilinganda, eri tomonidan xotiniga 359 ta, xotini tomonidan eriga 32 ta, qo‘shnisiga 55 ta, akasi yoki ukasiga 80 ta, qarindoshiga 241 ta jinoyatlar sodir etilgan”, deydi Burhonov.

Shuningdek, senator yoshlarning muammolarini bartaraf etishga lozim darajada e’tibor qaratilmagani oqibatida o‘tgan 6 oyda qayd etilgan jami jinoyatlarning 9 418 tasi aynan yoshlar tomonidan sodir etilganini urg‘ulagan.

Qayd etilishicha, jinoyatga qo‘l urgan 12 940 nafar yoshlarning 1 278 nafarini xotin-qizlar, 504 nafarini oliy o‘quv yurti talabalari, 2 290 nafarini bandligi ta’minlanmagan, ta’lim bilan qamrab olinmagan yoshlar tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt Toshkent jinoyatchilik bobida mamlakatdagi eng yuqori o‘rinlarni qayd etayotgan hududligicha qolmoqda. O‘tgan olti oyda sodir etilgan jinoyatlar har 100 ming kishiga 363 tani tashkil etmoqda.

 

Maqola muallifi

Teglar

qotillik

Baholaganlar

39

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing