Senatning yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
4999Bugun, 11 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bormoqda.
Yalpi majlisda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Moliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi axboroti eshitilishi ham rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani, qolaversa, Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqiladi.
Qolaversa, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar holati hamda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida Hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasi muhokama qilinadi.
Shuningdek, arzon uy-joylar qurish jarayonidagi, aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi muammolar to‘g‘risida, qolaversa, hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilinishida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokamalar markazida bo‘ladi.