Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisi 12 mart kuni chaqiriladi
Jamiyat
−
27 fevral 2021
2884Kecha, 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisini 2021 yil 12 mart kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, qolaversa, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Ekologik audit to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar, tashqi ishlar, adliya vazirlarining axborotlari, Surxondaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan Barqaror infratuzilmani yaratish, umumqamrovli va barqaror sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish maqsadiga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qolaversa, davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz maxsus iqtisodiy zonalarining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar hamda nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.