Senatning navbatdagi yalpi majlisi sanasi ma’lum qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi joriy yilning 30 noyabr kuni chaqiriladi. Bu haqda bugun, 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat Kengashining majlisida axborot berildi. 

Yalpi majlisda dastavval O‘zbekiston tarixida ilk bor  qabul qilingan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi.

Bundan tashqari, senatorlar tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi, bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqadi.  

Senat a’zolari tomonidan “1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilinadi.  

Shuningdek, Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, arzon uy-joy qurilishi, gaz, elektr ta’minoti bilan bog‘liq parlament so‘rovlari yuborish masalalarini ham muhokama qiladilar.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida ishchi guruh tuzildi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

33

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing