Senatning 12-yalpi majlisi sanasi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
01 fevral 2021
4345Bugun, 1 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. Bu haqda yuqori palata Matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisini 2021 yil 5 fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. Shu jumladan, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, qolaversa, Boyovut, Bo‘ston, Olot, To‘raqo‘rg‘on, Qarshi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrini 2020–2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar, mamlakatda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.