Senatga qo‘shimcha vakolatlar beriladi
Jamiyat
−
19 dekabr 2020 6146 2 daqiqa
Bugun, 19 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni muhokama qilindi.
Mazkur Qonun bilan amaldagi 14 ta qonun hujjatlari, shu jumladan, 11 ta qonun va 3 ta Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, mahalliy davlat hokimiyati faoliyatiga oid qonunlarga kiritilayotgan me’yorlarga asosan mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilingan qonunga zid qarorlarni bekor qilish vakolati Senatga berilmoqda. Shu bilan birga, deputatni javobgarlikka tortishga rozilik berishni halq deputatlari Kengashlari sessiyalari oralig‘ida hal etish amaliyotidan voz kechilmoqda.
Mahalliy Kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish bilan bir qatorda yuqori palataning faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonunlarga Senat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyatiga doir hisobotlarni eshitish amaliyotini joriy etish, shuningdek hududiy manfaatlardan kelib chiqib, Senat tomonidan Davlat byudjetining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish tartibi o‘rnatilmoqda.
Qonunga asosan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, adliya organlarining bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun, davlat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish haqidagi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlarining taqdimnomalari bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Iqtisodiyot sohasida yana bir o‘zgartishga ko‘ra, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun yig‘imlar endi respublika byudjetiga emas, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorni rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.
O‘z o‘rnida, Qonun bilan davlat boshqaruvi organlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi, ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinishi hamda o‘z-o‘zi bilan so‘ng joriy etilishi, umumiy texnik reglamentlar esa bundan mustasnoligi belgilanmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonun mahalliy davlat hokimiyatini organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat xaridlari sub’ektlarining mas’uliyatini oshirish, mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi, Hukumat vakillarining qonuniy talablari o‘z vaqtida bajarilishi, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlarning takomillashishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Live
Barchasi