Senatdagilar qizlarni erta turmushga berishning oldini olishni muhokama qildi
Jamiyat
−
11 mart 2021
13524O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida mamlakatda qizlarni erta turmushga berish masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qiz bolani barvaqt turmushga berish va qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh qurilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining axboroti eshitilgan.
Majlisda jamiyatda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligini baholash mexanizmi ishlab chiqilgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, viloyatlar va tuman (shahar)larda Xotin-qizlar hamda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari, qolaversa, har bir mahallada fuqarolar yig‘inining “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi”, “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi, “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani urg‘ulangan.
Majlisda bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratilgan. Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Senat axborotida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilingani aytilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilning 1 sentyabridan e’tiboran O‘zbekistonda yigitlar va qizlar uchun turmush qurish yoshi 18 yosh etib belgilangan.
Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.