Senatda liftlar masalasi ko‘tarildi
Jamiyat
−
04 avgust 2023
5893Bugun, 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 43-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylardagi liftlar bilan yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rtaga tashladi.
U Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uyda liftning nosozligi sabab lift ichida uch kun qolib ketish oqibatida vafot etgan 32 yoshli ayol voqeasini misol tariqasida keltirdi.
"Bu o‘ta fojialidir. Bu holatni nafaqat O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari, balki dunyo axborot vositalari ham yoritdi. Shu sababli Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Tog‘-kon va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ushbu holatlvr bo‘yicha tushuntirish berishlvri kerak", dedi Qutbiddin Burxonov.
Shuningdek, u joriy yilning 18 iyun kuni Toshkent shahar Yangihayot tumani “Yangi Darxon” mahallasidagi ko‘p qavatli uyning liftida yuzaga kelgan nosozlik oqibatida 11 nafar fuqaro jabr ko‘rganini ham eslatarkan, bu allaqachon o‘z yechimi topishi kerak bo‘lgan muammo ekanini bildirdi.
"Qo‘mitamiz tomonidan mamlakatimizdagi liftlarning holati hamda ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya qilinishi ahvoli o‘rganildi.
Natijada bu borada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlandi", dedi Burxonov.
Uning aytishicha, ko‘p kvartirali uylardagi liftlarning texnik holati belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash, ularning davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishini nazorat qilish, nosoz liftlardan foydalanishni taqiqlash choralarini ko‘rish kabi qator vazifalar Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan. Biroq, bu vazifalarni amalga oshirishi uchun inspeksiya zarur vakolatlarga va yetarli mutaxassislarga ega emas.
"Misol uchun yangi qurilgan ko‘p xonadonli uy-joylarni davlat hay’ati qabul qilish komissiyasi tarkibiga inspeksiya kiritilmagan. Oqibatda mutaxassislarning tegishli xulosasi olinmasdan, ya’ni lift qurilmalari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olinmasdan hamda xavfsizlik tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilmagan tarzda liftlar foydalanishga topshirilmoqda", deli Toshkent viloyatidan saylangan senator.
Bundan tashqari, u mamlakatdagi yangi qurilgan ko‘p xonadonli uylardagi qariyb 400 ga yaqin lift uskunalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasdan foydalanib kelinmoqda.
Ko‘p xonadonli uylarda o‘rnatilgan liftlarning texnik holatini nazorat qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq funksiyalar esa amalda ikkita davlat organi – ham Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, ham Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
"Aslida bu ikki tuzilma ham o‘z vazifalarini to‘laqonli bajara olish imkoniyatiga ega emas. Xususan, mamlakatimizdagi jami 4 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarda qariyb 11 mingdan ortiq liftlar mavjud. Tegishli me’yoriy texnik hujjatlar talabiga muvofiq ular har oyda texnik ko‘rikdan va 12 oyda bir martda to‘liq texnik sinovdan o‘tkazilishi zarur.
Ammo har ikkala inspeksiyaning ana shu birgina vazifani amalga oshirish uchun ham moddiy-texnik, tashkiliy va boshqa imkoniyati yo‘q", deya mavjud muammoga to‘xtaldi Vurxonov.
Senatorning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 iyundagi qaroriga asosan 2021-2023 yillar oralig‘ida jami 1685 ta lift uskunalari ta’mirlanishi va yangisiga almashtirilishi rejalashtirilgan. 2023 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra esa 1222 ta lift ta’mirlangan va yangisiga almashtirilgan.
"Mutasaddilar tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qolgan 463 tasini belgilangan muddatda ta’mirlash yoki almashtirish esa turli sabablarga ko‘ra (2020 yildagi narxlar bilan bugungi kundagi narxlar orasidagi farq sababli) shubha ostida qolmoqda", dedi senator.
LiveBarchasi