Senat yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
10 iyul
15625Bugun, 10 iyul kuni Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, amaldagi qonun 2009 yilda qabul qilingan bo‘lib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan, elektr ta’minotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam xarajatli ishlashini ta’minlaydigan normalar aks ettirilmagan, iste’molchilarning narxlar va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan.
“Yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun bilan iste’molchilarning narxlar, ishonchli elektr ta’minoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatdosh elektr energiya bozorining yuzaga kelishi va rivojlanishiga ko‘maklashish nazarda tutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilanmoqda.
“Qonunda insofli raqobat, tenglik va hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, elektr energetikasi xavfsizligining ustuvorligi kabilar sohaning asosiy prinsiplari etib belgilanib, elektr energetikasi sohasining maqsadlariga oid yangi modda kiritilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, qonunda elektr energiyasi bozorida treyderlar (jismoniy yoki yuridik shaxslar) faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid norma kiritilmoqda.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga va bu orqali elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishiga, elektr energetikasi korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilanishiga hamda elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Majlisda, shuningdek, “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.
“Qonunda energetika xavfsizligini ta’minlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli va samarali foydalanish vazifalari va qoidalari belgilab berilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik va resurslarni me’yoridan ortiqcha sarflagani uchun javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan.
Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik ta’minoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ko‘zda tutilmoqda.
LiveBarchasi