Senat Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
Jamiyat
−
30 noyabr 2019
3220Bugun, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi faoliyati 1993 yil 6 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Biroq bu Qonun Vazirlar Mahkamasiga taalluqli vakolatlar va masalalarni, Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tayinlash tartibini, shuningdek, ularning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida hisobdorligini to‘liq aks ettirmaydi. Shu sababdan bu qonunni yangi tahrirda qabul qilish zarurati yuzaga keldi. Qonunda Vazirlar Mahkamasi maqomini, Vazirlar Mahkamasiga taalluqli masalalar, shuningdek Vazirlar Mahkamasining turli sohalardagi asosiy vakolatlari nazarda tutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini rejalashtirish va baholash, Vazirlar Mahkamasiga masalalar kiritish va ko‘rib chiqish tartibi, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladigan umumiy masalalar, bu masalalarda qarorlar qabul qilish, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari turlari mustahkamlanmoqda. Vazirlar Mahkamasining Prezident va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, sud hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlariga aniqlik kiritilmoqda.
Senat a’zolari mazkur Qonunni ham ma’qullashdi.