Senat o‘zbek-qirg‘iz chegarasiga oid shartnomalarni ma’qulladi
Jamiyat
−
18 noyabr 2022
8547Bugun, 18 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi muhim ikki tomonlama shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdi.
Muhokamada tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, ekspertlar ham ishtirok etdi.
Yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini batafsil muhokama qildilar.
Senatorlarning ta’kidlashicha, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlashda ishonchli kafolatlar yaratadi.
Bundan tashqari, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o‘zaro manfaatli foydalanishga xizmat qilishi, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berishi ta’kidlandi.
Batafsil muhokama yakunlari bo‘yicha Senat mazkur qonunlarni ma’qullash to‘g‘risida qarorlar qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, ilk bor "Kampirobod" suv ombori qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritgan edi.
Keyinroq 17 noyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti ham o‘zbek-qirg‘iz chegarasining qolgan qismini delimitatsiya qilish hamda Andijon (Kampirobod) suv omborini O‘zbekistonga berish bo‘yicha kelishuvlarni ratifikatsiya qildi.
Ma’lumot uchun, “Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.
LiveBarchasi