“Juda uyatli holat”. Senat noto‘g‘ri ma’lumot orqali qonunni qabul qilmoqchimi?

Jamiyat

image

Avvalroq, 11 yanvar kuni Senat organ xodimlarini foto va videoga olib internetda tarqatishni taqiqlash bo‘yicha qonunni "xaspo‘shlash"ga urinib, bu boradagi "xorij tajribasi"dan bir necha misollar keltirgan edi. Jumladan, unda bu kabi qonun Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya singari rivojlangan mamlakatlarda ham mavjudligi qayd etilgan.

BBC O‘zbek xizmati Senat e’lon qilgan misollarni tekshirib, ushbu ma’lumotlarning yolg‘on yoki noaniqligini aniqladi.

Buyuk Britaniya

Bahsli qonunni asoslagan Senat axborotida shunday deyilgandi:

“Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan. Mazkur normaga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin”.

BBC O‘zbek xizmatining bildirishicha, “Terrorchilikka qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, faqat bittagina holatda, ya’ni terrorizm xavfi mavjud bo‘lsagina, terrorchi deya shubha qilingan shaxsdan tasvirga olishni to‘xtatishni so‘rashlari mumkin. Lekin keyinchalik u odam terrorchi bo‘lib chiqmasa, unda shubha qilgan va tasvirga olishni to‘xtatgan politsiyachining o‘zi javobgarlikka tortiladi.

London markazida tartibni saqlashga mas’ul "Metropolitan Police" saytida ham “Aholi va matbuot vakillari jamoat joylarida tasvirga olish uchun ruxsat so‘rashga majbur emas hamda politsiyaning holatlar va politsiya xodimlarining suratga olinishini to‘xtatish vakolati mavjud emas”, deb yozib qo‘yilgan.

Germaniya

Senatning yana bir dalilida "Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, lekin bu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va internetga joylashtirish taqiqlangan”i keltirilgan.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, bu jumla bir tomondan to‘g‘ri, boshqa tomondan esa chalg‘ituvchi axborot. Haqiqatan ham Germaniyada shaxsiy huquqlar qonun bilan juda kuchli himoya qilinadi. Jamoat joylarida alohida shaxsni beruxsat suratga olish va uni tarqatish mumkin emas. Politsiya xodimlari ham ayni fuqarolik huquqlaridan foydalanadi. Lekin politsiya xodimining tasvirlarini tarqatishni taqiqlovchi biror alohida qonun yoki norma Germaniya qonunchiligida mavjud emas.

Fransiya

“Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanadi”, deyiladi Senatning izohida.

Faktchek qilgan jurnalistlar esa, 2021 yilning aprelida Fransiya parlamenti politsiyani tasvirga olishni taqiqlovchi qonun qabul qilgani, lekin o‘sha yilning o‘zidayoq Fransiya Konstitutsiyaviy sudi ushbu qonunni Konstitutsiyaga zid deb topib, bekor qilganini aniqlagan.

Yuqoridagilarga o‘z munosabatini bildirgan huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev buni "Senat uchun juda uyatli holat" deb atadi.

“Senatorlar ham xulosa qiladi, degan umiddamiz. Hurmatli senatorlarimizdan yolg‘on asosiga qurilgan qonunni ma’qullamasliklarini so‘rab qolamiz”,  deydi u.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Senat Obro'sizlantirish qonuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing