Senat Eron bilan mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi
Olam
−
20 yanvar
4796Oliy Majlis Senati O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi 2023 yil 18 iyunda Tehronda imzolangan shartnomani ratifikatsiya qildi. Tegishli qonun bugun, 20 yanvar kuni Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma’qullandi.
Ta’kidlanishicha, shartnomaning ratifikatsiya qilinishi jinoyat sodir etish natijasida ozodlikdan mahrum etilgan O‘zbekiston va Eron fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va mahkumlarni topshirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur shartnomani ratifikatsiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshiradi.
Muhokama chog‘ida senatorlar mahkumlarga jazoni o‘z yurtida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkonini berishini, bu esa o‘z navbatida oilaviy munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, shuningdek, mahkumlarning ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam berishini alohida qayd etdi.
“Mazkur Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni yoki ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni talab qilmaydi. Shu bilan birga, mazkur Qonunning qabul qilinishi kelgusida Davlat byudjetidan qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar ajratishni talab qilmaydi”, deydi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Anvar To‘ychiyev.
Ma’lumot uchun, mazkur shartnoma 2023 yil 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eronga rasmiy tashrifi davomida imzolangan.
LiveBarchasi