Senat prokuratura xodimining QALAMPIR.UZ jurnalistiga tahdid qilganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2021
11982Avvalroq, QALAMPIR.UZ jurnalisti va tasvirchisi Toshkent shahar Yunusobod tumani 2-mavzesidagi do‘konlar binosi noqonuniy ravishda buzilayotgani bo‘yicha fuqarolar murojaati asosida faoliyat olib borish chog‘ida Yunusobod tumani prokurori sektori kotibi Ulug‘bek Azizov qarshiligiga uchrab, OAV xodimlariga to‘sqinlik qilingani, kemara xotirasidagi kadrlar o‘chirib tashlanishi talab qilingani, agar o‘chirilmasa ichki ishlar bo‘limiga olib borish bilan tahdid qilingani, mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilgani va ushbu voqea haqiqatan ham sodir bo‘lgani tasdiqlangani, biroq Azizov uzr bilan qutilib qolgani haqida rasmiy bayonot e’lon qilgan edik. Mazkur holatga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati munosabat bildirdi.
“So‘z erkinligi, matbuot erkinligi – demokratiyaning qon aylanish tizimidir, usiz bu tushunchalar faoliyat ko‘rsata olmaydi.
Bilamizki, bugun yurtimizda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, aholi murojaatlarini keng ommaga olib chiqishda respublikamizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosdir.
Ma’lumki, joriy yilning 7 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ veb-sayti jamoasi tomonidan Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 2-mavzeda faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlar murojaatini o‘rganish maqsadida borilgan vaqtda, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlariing tahdidga uchrashganini ma’lum qilib “Toshkentda yana “snos”. Buni yoritishga borgan jurnalist prokuratura va ichki ishlar xodimlari tahdidiga uchradi” mavzusida material e’lon qilingan edi.
Oradan, bir necha kun o‘tib O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan rasmiy munosabat bildirilib, Yunusobod tumani 2-sektor kotibi haqiqatan ham QALAMPIR.UZ internet nashri tasvirchisiga olingan videolarni o‘chirishni aytib, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilgani o‘z tasdig‘ini topgani ma’lum qilindi.
Albatta, OAVda yoritilgan ma’lumot huququni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ochiq tan olinishi, yurtimizda jamoatchilik nazorati shakllanib, qonun normalari ustuvor bo‘lgan demokratik erkin fuqarolik jamiyat rivojlanayotganidan dalolat, desak adashmagan bo‘lamiz”, deyiladi munosabatda.
QALAMPIR.UZ rasmiy bayonotida Ulug‘bek Azizov xatti-harakatlari uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 206-moddasi – Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish bilan malakalanishi va U.Azizov javobgarlikka tortilishi mumkinligi, biroq bunday bo‘lmagani aytilgandi.
Senat munosabatida barcha OAV vakillari qo‘llab-quvvatlanishi aytilgan.
“O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot maydonida qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalistlar va blogerlar, barcha OAV vakillarini doimiy qo‘llab-quvvatlaydi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Men haqiqat va adolatni o‘z e’tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni o‘zimning eng yaqin do‘stlarim deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi”, degan so‘zlari barcha OAV vakillariga xizmat vazifalarini bajarishda katta rag‘bat beradi”, deyiladi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi munosabatida.
LiveBarchasi