Senat muhim qonunni rad etdi

Jamiyat

image

Bugun, 26 iyun kuni Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Senatorlar “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Qayd etilishicha, BMTning korrupsiyaga, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni g‘ayriqonuniy ravishda muomalaga kiritishga, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyalari talablari ijrosini ta’minlash, jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlarining (FATF standartlari, Yevroosiyo guruhi hamda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish  tashkiloti) tavsiyalarini milliy  qonunchilikka implementatsiya qilishda mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur Qonun bilan 3 ta Kodeks va 8 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, “Jinoyat va Jinoyat-protsessual” hamda “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodekslarga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar  hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Davlat bojxona xizmati  to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar  bozori to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish kiritilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar Qonunni ishlab chiqishda milliy qonun hujjatlari, xorijiy mamlakatlar tajribasi va yurist-olimlar fikrlari o‘rganilmagan va tahlil qilinmaganligi qayd etdi.

Shuningdek, ushbu holatlar, o‘z navbatida, turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti hamda qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so‘ngra amaldagi qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o‘rganib chiqish va shundan so‘nggina Jinoyat, Jinoyat protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga maxsus musodara qilish choralarini belgilash maqsadga muvofiq hisoblanishi bildirildi.

Shu bois Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

363

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing