Senat ko‘chmas mulk va pensiyaga doir qonunlarni ko‘rib chiqadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini joriy yilning 7 oktyabr kuni chaqiriladi. Bu haqda Senat Kengashida qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqiladi. “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir. 

Yalpi majlisda “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan  o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini muhokama qiladilar.

Shuningdek, yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senatorlar tomonidan iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

168

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing