Senat Xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashining qarorini bekor qildi

Jamiyat

image

Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining o‘tgan yil 16 apreldagi “Tumanda dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish, fermerlarning moliyaviy holatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi 34/06-06-sonli qarorini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Aniqlanishicha, Qarshi tumani hokimining 2019 yil 13 fevraldagi X-1749/02-sonli qaroriga asosan fermer xo‘jaligini tashkil etish uchun fuqaro D.Elmurodovga 10,1 gektar yer maydoni 49 yilga ijaraga ajratib berilgan. Biroq xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020 yil 16 apreldagi 34/06-06-sonli qarori amaldagi bir qator qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan.

Jumladan, xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2020 yil 16 apreldagi 34/06-06-sonli qarori bilan Elmurodov Dilshod (“Bog‘i obod agro” fermer xo‘jaligi) va yana 16 nafar dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi noqonuniy ravishda bekor qilingan.

Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Qolaversa, Yer kodeksining 24-moddasi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga ko‘ra yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasida ma’muriy organ manfaatdor shaxsga ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish imkoniyatini berishi shartligi belgilangan bo‘lsa-da, qaror qabul qilishda dehqon va fermer xo‘jaligi rahbarlarining ishtiroki ta’minlanmagan va unga holat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirish imkoniyati berilmagan.

Mazkur Qonunning 19-moddasiga muvofiq ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik ma’muriy hujjatlarning va ma’muriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta ko‘rib chiqilishiga olib keladi.

Shu jihatdan xalq deputatlari Qarshi tuman Kengashining mazkur qarorini bekor qilish to‘g‘risida Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Qarshi

Baholaganlar

88

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing