Senat Qozog‘iston bilan ittifoqchilikka oid shartnomani ma’qulladi
Olam
−
25 noyabr 2023
4179O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bugun, 25 noyabr kuni o‘tayotgan navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun qabul qilindi.
Senat majlisida O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar hamda vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlar ekani alohida urg‘ulandi.
“Shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat”, deyiladi Senat axborotida.
Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.
Senatorlar Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning ma’naviy-madaniy yaqinligini qo‘llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, ta’lim va sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan fikr bildirdi.
Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi to‘g‘risidagi Nizom keltirilgan.
LiveBarchasi