Senat davlat tili to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritishni ma’qulladi
Jamiyat
−
26 iyun 2021
6207Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ma’lum qilinishicha, qonunda amaldagisida mavjud bo‘lmagan ko‘pgina me’yorlar belgilanmoqda. Xususan, amaldagi “Davlat tili haqida”gi qonunda mazkur qonunning amalga oshirilishini ta’minlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar umuman ochib berilmagan.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmagani ham ushbu Qonunning amalda ishlamasligiga olib kelmokda. Shundan kelib chiqib, huquqiy sohada hamda milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq aks ettirish va “Davlat tili haqida”gi qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida u yangi tahrirda ishlab chiqilgan.
Unda qonunning maqsadi va qo‘llanish sohasi, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, O‘zbekistan Respublikasining davlat tili, O‘zbekiston Respublikasida boshqa tillarning maqomi, til bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmaslik, davlat tilini rivojlantirishdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha vakolatlari, davlat organlari va tashkilotlarining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari, davlat tilini rivojlantirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati kabi yangi normalar mavjud.
Mazkur Qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan.
Qayd etilishicha, qonun qabul qilinishi davlat tilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qo‘llanilishiga, uning rivojlanishi va ommalashuviga katta turtki beradi. Jumladan, davlat tilini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Qonuni darajasida belgilanishi barcha sohalarda o‘zbek tilining adabiy til me’yorlari asosida ifoda etilishiga xizmat qiladi. O‘zbek tili bilan bog‘liq tarixiy-ma’naviy merosimizni asrab, kelgusi avlodlarga yetkazishilishini ta’minlaydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.