Senat Davlat bayrog‘idan foydalanish shartlarini yengillatuvchi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
23 iyun 2023
5106Endilikda Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni ta’minlagan holda bayroqdan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 23 iyun kuni Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
O‘z navbatida Senat a’zolari tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda aholi, ayniqsa yoshlarining o‘z yurtiga nisbatan mehr-muhabbat, faxr-iftixor tuyg‘ularining va vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda bo‘lishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Avvalroq, joriy yilning 30 may kuni O‘zLiDePning qurultoyida partiyadan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bayrog‘idan erkin foydalanish zarurati to‘g‘risida to‘xtalgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may kuni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” dehqon bozorida yelkasiga bayroqli lenta taqib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Viloyati IIB Matbuot xizmati bunga munosabat bildirib, fuqaro IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi, uni yechib qo‘yib davlat ramzlariga hurmatsizlik qilmaslik tushuntirilganida fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatganini aytgan edi. Shuningdek, yigitga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ish ochilgandi. So‘ngra yigitga nisbatan qo‘llanilgan qaror bekor qilindi.
LiveBarchasi