Semizlik 1 yilda qariyb 4 mln kishining o‘limiga sabab bo‘ldi – JSST

Olam

−

image
Dunyoda 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 170 mln nafar bola va o‘smir semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda ushbu yosh guruhidagi 170 mln bolada semirish kuzatilgan. Ularning 70 mln nafari 5–9 yoshdagi bolalar, 100 mln nafari esa 10–19 yoshdagi o‘smirlardir. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yosh guruhida semirishning tarqalishi 1990 yildan buyon to‘rt baravar oshgan. O‘sha vaqtda bu ko‘rsatkich 2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 8 foizga yetgan.

JSST bolalarda semirishni davolash bo‘yicha ilk bor tavsiyalarini e’lon qildi. Tashkilot jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish va xulq-atvorni o‘zgartirishga qaratilgan choralarni tavsiya qilgan. Shuningdek, JSST 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarda semirishni davolash uchun dori vositalari, vazn kamaytirishga qaratilgan jarrohlik amaliyotlari yoki maxsus qurilmalardan foydalanishni tavsiya etmaydi.

Tashkilotning ta’kidlashicha, semirishni faqat davolash orqali to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu sababli, davlatlar sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni aholiga yanada qulay va hamyonbop qilishga qaratilgan choralarni ko‘rishi kerak.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, semirish yurak-qon tomir kasalliklari, 2-tur diabet va ayrim saraton turlari kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning rivojlanishiga olib keluvchi asosiy omillardan biridir.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda semizlik butun dunyoda 3,7 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Tegishli choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib dunyoda semirishdan aziyat chekayotganlar soni ikki baravar oshishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahonda bolalar orasida ortiqcha vazn va semirish muammosi tez sur’atlarda kuchaygani haqida xabar berilgan edi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing