Selena Gomesdan Rim Papasigacha: Ilon Mask mashhurlarning “galochka”sini tortib oldi
Texnologiya
−
21 aprel 2023
11429Twitter platformasida bir qator mashhur insonlarning hisobidan tasdiqlanganlik belgisi olib tashlandi. Bu haqda “NBC News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 20 aprel kuni ko‘plab taniqli kishilar, jumladan, Donald Tramp, Bill Geyts, Selena Gomes, Keti Perri, Papa Fransisk kabilarning Twitter akkauntidagi “verified” belgisi yo‘qolib qolgan. Shunga qaramay, hozircha hukumat vakilllariga tegishli hisoblardagi kulrang belgilar olib tashlanmagan.
Avvalroq Ilon Mask Twitter platformasida tasdiqlanganlik belgisiga pullik obuna joriy qilinishini va bu shu yilning 1 aprelidan kuchga kirishini ma’lum qilgandi. Keyinroq uning yangi sanasi 20 aprel etib belgilandi. Kechadan boshlab, tasdiqlanganlik belgisi uchun oyiga 8 dollar, yiliga esa 84 dollar to‘lash tartibi ishga tushdi.
Ma’lumot uchun, Twitter Blue'ga obuna bo‘lish hisobga “galochka” qo‘shishdan tashqari tvitlarni tahrirlash, uzunroq hajmdagi matnlar kiritish, kattaroq videolarni joylash kabi imkoniyatlarni ham beradi. Shu bilan birga, matnni formatlash: qalin va qiya qilib yozish, 50 foiz kamroq reklama tvitlarini namoyish qilish kabi yangiliklar ham aynan oyiga 8 dollarlik obuna to‘lovini amalga oshirgan foydalanuvchilarga taqdim etiladi.
Biroq aksar mashhurlar shaxsiy hisoblarini feyk akkauntlar va firibgarlardan farqlash maqsadida beriladigan ko‘k belgini olish uchun oyiga sakkiz dollardan to‘lashni xohlamasligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi