“Selxoz” alanga ichida qoldi
Jamiyat
−
01 Oktabr
7653O‘zbekiston tarixidagi fuqarolik ob’ektlari bilan sodir bo‘lgan eng katta yong‘inlardan biri Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududidagi binoda yuz berdi. QALAMPIR.UZ jamoasi voqea joyida bo‘ldi.
Kecha, 30 sentyabr kuni soat 20:10 da universitet hududidagi binoda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari 7 daqiqa ichida hodisa joyiga yetib borgan.
Yong‘inni to‘liq qamrab olishga bir soatdan ko‘proq vaqt ketdi va u soat 21:36 o‘rab olingan.
Alangani o‘chirish ishlari davom etar ekan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi universitet binolaridan birida sodir bo‘lgan deb ta’kidlanayotgan yong‘in oliygohning bir qismida joylashgan Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosining tom qismida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Ammo ko‘p o‘tmay vazirlik e’lon qilgan bayonotini o‘chirib yubordi. Universitetdagi yong‘in soat 22:10 da batamom o‘chirildi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi esa vazirlik bergan bayonotni rad etib chiqdi va yong‘in agentlikdan chiqmaganini ta’kidladi.
“O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosi yonib ketdi, deya ayrim ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri, suv purkalishi evaziga binoning tom qismiga qisman zarar yetgan, lekin bu ham aytarli darajada emas”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, agentlik binosi katta talafot ko‘rmagan. Yong‘in chiqqan universitet binolariga esa birmuncha ziyon yetkazilgan. Ayni paytda mutaxassislar guruhi voqea joyida ish olib bormoqda. Tez orada yong‘in kelib chiqish sabablari, yong‘in asli qayerdan boshlangani, yetkazilgan ziyon, asl holat haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida hozircha ma’lumot yo‘q.
Yong‘in sodir bo‘lgan hududdan qaytar ekanmiz, voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan shaxsning ismini ochiqlashni xohlamagan holda ofat sabablari to‘g‘risida bergan ma’lumoti bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Uning fikricha, fojia uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.
“Laboratoriyaga qandaydir tekshiruv kelgan. Barcha o‘qituvchilarning saviyasini tekshiradimi, kamomadni tekshiradimi, shu yo‘l bilan nimanidir yopishyaptimi, bilmadim. Domlalar o‘z manfaati yo‘lida bunday ish qilishi juda noto‘g‘ri ish, deb o‘ylaymiz”, deydi QALAMPIR.UZ suhbatdoshi.