“Sberbank”ning data-markazi hujumga uchradi

Olam

−

image

Bugun, 14 oktyabr kuni “Sberbank”ning ma’lumotlar markaziga hujum qilindi. Bu haqda bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxinning RBKga ma’lum qildi.

“Hujum sodir bo‘lganini tasdiqlaymiz. Bankning barcha tizimlari shtat rejimida ishlamoqda. Xodimlardan hech kim jarohat olmadi”, deydi Vedyaxin.

U Ukraina Qurolli kuchlari dronlarining Saratov viloyatidagi ob’ektlarga hujumi paytida bank infrastrukturasi zarar ko‘rgan-ko‘rmagani haqidagi savolga shunday javob bergan.

Avvalroq, Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin 14 oktyabrga o‘tar kechasi Balakovo shahrida dronlar hujumi oqibatida bir nechta turar joy binolari shikastlangani va bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. 

“Balakovodagi barcha infratuzilma ob’ektlari shtat rejimida ishlamoqda”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 oktyabr kuni “Yandeks” Vladimirdagi ma’lumotlar markazi shikastlangani va ob’ekt faoliyati to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi. Jabrlanganlar bo‘lmagan. 9 oktyabr kuni Kalugadagi ma’lumotlar markazi hujumga uchragan: bir nechta modullar to‘liq ishdan chiqqan. Bir kun oldin esa dron hujumidan so‘ng Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi ma’lumotlar markazida yong‘in chiqqan va uning ham ishi to‘xtatilgan.

9 oktyabr kuni xodimlar va foydalanuvchilarga yo‘llagan murojaatida “Yandeks” ma’lumotlar markazlarini o‘z “temir yuragi” deb atagan, chunki kundalik xizmatlar va yuz minglab kompaniyalarning biznesi ularning ishlashiga bog‘liq. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, jamoalar xizmatlar faoliyatini tiklash va jabrlangan mijozlarga yordam berish uchun kechayu kunduz ishlamoqda.

“Biz infratuzilma ahvolini baholashni davom ettirmoqdamiz – hozircha ma’lumotlar markazlaridagi uskunalar faoliyatini tiklash muddatlarini aytish juda qiyin. Ma’lumotlar paydo bo‘lishiga qarab vaziyat haqida axborot berib boramiz”, deyiladi kompaniya xabarida.

Joriy yilning 12 oktyabr kuni Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Maksut Shadayev “Yandeks”ga qilingan hujumni miqyosi jihatidan tengi yo‘q deb atagan va vazirlik Mudofaa vazirligi bilan birgalikda ma’lumotlar markazlarini himoya qilish masalasini hal qilayotganini ma’lum qilgan. Uning baholashicha, bunday keng ko‘lamli hujum sharoitida xizmatlarning ishlashda davom etishi kompaniya tomonidan ko‘rilgan zaxiralash choralaridan dalolat beradi.

Kecha, 13 oktyabr kuni esa Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov vaziyat hukumatda muhokama qilinayotganini aytgan.

“Moliyaviy yo‘qotishlar haqida gapirish hali erta. Siz kompaniyaning kuchli va qudratli ekanini bilasiz. Ha, u hozir qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Albatta, bu mavzu hozir hukumatda muhokama qilinmoqda, ammo kompaniya oqibatlarni bartaraf etish uchun shoshilinch choralar ko‘rmoqda”, deydi u.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing