Saylovda xavfsizlikni ta’minlash uchun 53 ming xodim jalb qilingan – Bobojonov
Jamiyat
−
22 dekabr 2019
3582Bugun, 22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari uchun deputatlar saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Saylov jarayonlari soat 08:00 da start oldi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov saylov jarayonida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 53 ming nafar huquq-tartibot organlari xodimlari jalb etilganini ochiqladi.
“Bugun saylov jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan har qanday tartibbuzarlikning oldini olish maqsadida 53 mingga yaqin huquq-tartibot xodimlari, harbiy xizmatchilar va jamoatchilik vakillari xavfsizlik masalasiga jalb etilgan. Barcha hududiy Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar xizmatining rahbar va boshqa xodimlari respublikamizdagi okrug va saylov uchastkalariga taqsimot bo‘yicha biriktirildi va bularning asosiy vazifasi – xavfsizlikni ta’minlashdir. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun 600 ziyod yo‘l patrul xizmati ekipajlari jalb qilindi”, deydi Po‘lat Bobojonov.
Vazirninng qayd etishicha, soat 11:00 ga qadar saylov jarayonlarida huquqbuzarlik holatlari aniqlanmagan. Agar qonun buzilishi bilan bog‘liq xabarlar kelib tushsa, bu bo‘yicha ichki ishlar xodimlari, prokuratura saylov uchastkalarining saylov komissiyasi a’zolari bayonnoma tuzib, tegishli tartibda prokuraturaga yuboradi. Uning keyingi javobgarlik masalasi tekshirilib, xulosa bilan sud orqali tegishli tartibda hal qilinadi.
Qayd etilishicha, saylovga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 8 ta, Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 2 modda keltirilgan.