Yangi Prezident saylangach AQSHni katta “chigalliklar” kutmoqdami?
Olam
−
05 noyabr 2020
11829AQSHda bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovi butun dunyo miqyosida jamoatchilik diqqat markazidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Saylov tafsilotlari turli mamlakat ommaviy axborot vositalarida qanday yoritilayotgani haqida BBC monitoring o‘tkazdi.
Xitoy va AQSH aloqalari Donald Tramp Prezidentligi davrida, ayniqsa, keskin tus oldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo urushi jahon iqtisodiyotiga ham ta’sir qildi. “Agar saylov natijalari aniq bo‘lmasa, xaos yuzaga kelishi mumkin. Bu esa ijtimoiy tartibsizlikka sabab bo‘ladi”, deyildi “Sinxua” xabarida. “Global Times” gazetasi esa asosiy sahifasida “Keskinlik va tartibsizlik AQSHdagi saylovlarga ta’sir o‘tkazmoqda”, deb yozadi.
Lotin Amerikasi ommaviy axborot vositalari Trampning lotin amerikalik saylovchilar yashovchi Florida shtatidagi muvaffaqiyatiga e’tibor qaratdi. “Trampning Floridadagi zafari Demokratik partiyaning g‘alaba qozonish ehtimolini ko‘mib tashladi. Venesuelalik, kubalik lotinlar va yevangelistlar amaldagi Prezidentni qo‘llab-quvvatlashdi”, deya qayd etdi Braziliya kundalik gazetalaridan biri “Folha de Sao Paulo”. Lotin Amerikasi sharhlovchilarining aytishicha, Trampning Bayden faoliyatini sotsializm bilan bog‘lashi Kuba va Venesueladan surgun qilinganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
“Rossiya 24” dasturidagi jurnalistlardan biri esa “AQSHdagi telbalikni kuzatishda davom etamiz”, deya fikr bildirgan. Rus jurnalistlari, shuningdek, Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashgani haqidagi da’volar bilan bog‘liq hazillar ham qilishdi. “Bizni tinglayotgan ba’zi do‘stlarimiz bular allaqachon Trampni g‘olib deb e’lon qilishdi, deb o‘ylashayotgandir”, dedi jurnalistlardan biri. Ikkinchisi esa “Bu shunchaki oddiy matematikadan boshqa narsa emas”, deya javob bergan.
Yevropaning boshqa mamlakatlari esa ikki nomzodning bir-biriga juda yaqin natija qayd etishi va buning ortidan tartibsizliklar kelib chiqishi ehtimoliga e’tibor qaratdi. “Jo Bayden aniq g‘alaba qozonadi, deb o‘ylaydigan ko‘plab odamlar ham vaqt o‘tishi bilan so‘ray boshlashdi: Tramp haliyam yutishi mumkinmi?”, deb yozdi Germaniyaning “Bild” gazetasi.
Fransiyaning “Inter” axborot agentligi esa “Poyga kutilganidan-da ayovsiz kurashlar bilan kechmoqda, demokratik to‘lqin haqida esa gap bo‘lishi mumkin emas”, deb ta’kidladi.
Yaqin Sharqdagi yangilik kanallari, asosan, saylov natijalari noaniq ekanini ta’kidlamoqda. Misr gazetalari “tarixiy natija”ga erishilgani, Eron OAVlari esa jamiyatda tartibsizlik yuzaga kelishi mumkinligini aytmoqda. “Press TV” “fuqarolar urushi xavfi” mavjud va vaziyat “juda qo‘rqinchli” tus olishi mumkin, degan fikrda.
Dinara Yusupova
LiveBarchasi