Saylov natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar Mirziyoyev Rossiyaga baribir boradi...mi?

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezident Matbuot xizmati ushbu suhbat haqidagi rasmiy axborotda “Prezidentlar kelgusi oyda bo‘lib o‘tadigan Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar”, deb xabar qildi.

Ma’lumki, joriy oyda O‘zbekistonda Prezident saylovi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Prezident Matbuot xizmatining kelgusi oyda Rossiya davlat rahbari bilan uchrashuv haqidagi axboroti ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, xabardagi aynan oliy darajadagi uchrashuv bilan bog‘liq jumla o‘chirib tashlandi. Aslida esa bunga hojat yo‘q edi. Bunda Matbuot xizmati xabarni o‘chirish bilan vaziyatni yanada chigallashtirmasdan, qonunchilikka asoslangan holda odamlarga yotig‘i bilan tushuntirishi kerak edi. Ya’ni saylov natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar Mirziyoyevning oliy darajadagi uchrashuvlarda qatnashishga haqqi bor. 

Xo‘sh, qanday qilib? 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 97-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi”, deb belgilangan. 

Shuningdek, Kodeksining 65-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida o‘z lavozimiga kirishishi aytilgan. Bunda amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimga kirishguniga qadar bajaradi. 

Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo‘lsak, agar Prezident saylovi natijalariga ko‘ra, amaldagi Prezident ustidan boshqa nomzodning qo‘li baland kelgudek bo‘lsa, muddati tugayotgan davlat rahbarining 2022 yilning 6 yanvarga qadar o‘z vakolatlaridan foydalanish huquqi mavjud. Bu oddiy arifmetika. 

Saylovda g‘olib bo‘lgan nomzod to o‘z lavozimiga kirishgunga qadar amaldagi Prezident xalqaro yig‘ilishlarda qatnashish, davlatning tashqi va ichki siyosatini belgilash hamda xorijiy mamlakatlar rahbarlari bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazish huquqiga ega. 

Eslatib o‘tamiz, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, Xalq demokratik partiyasidan Maqsudova Vorisova, Ekologik partiyasi Narzullo Oblomurodov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Qodirov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov nomzodlari ilgari surilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident saylov

Baholaganlar

570

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing