Saylov byulletenlari formatini o‘zgartirish xarajatlarni 3 mlrd so‘mga qisqartiradi

Jamiyat

image

27 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Har bir saylov turi bo‘yicha saylov byulletenlari rangi bilan farqlanadi: Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov uchun – och ko‘k, yagona saylov okrugi uchun – och yashil, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov uchun – och sariq, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar uchun – och kulrang.

Saylov byulletenlarining yangi formati ixchamligi, matbaa xarajatlarini kamida 3 milliard so‘mga kamaytirish imkonini beradi. Shuningdek, saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha bayonnomalar byulletenlarning rangiga mos ravishda chop etilishi ta’kidlandi.

Agar avvalgi saylovlarda uchastka komissiyalari ovozlarni sanab chiqishga o‘rtacha to‘rt soat vaqt ajratgan bo‘lsa, saylov byulletenlarining yangi shakli bu vaqtni kamida bir soatga qisqartirish imkonini beradi. Bu esa respublika miqyosida kamida 11 ming soat komissiya ishini tejaydi.

Natijada, avvalgi saylovlarda 11 kishi bo‘lgan uchastka komissiyalari a’zolarining o‘rtacha soni joriy yilda 10 nafarga qisqartiriladi. Bu komissiya a’zolari sonini 2,1 ming kishiga qisqartirish, shuningdek, to‘lovlar uchun ajratilgan ikki milliard so‘mni tejash imkonini beradi.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarning nomlari va ramzlari saylovda ishtirok etish uchun taqdim etgan imzo varaqalari tartibidan kelib chiqqan holda saylov byulletenlari va saylov yakunlari bayonnomalariga quyidagilar kiritiladi:

  • Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi;
  • O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;
  • O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy Kengashlarga saylov bo‘yicha saylov byulletenlarining shakli va matni namunalari tasdiqlandi. Ular hududiy saylov komissiyalari tomonidan MSKga taqdim etilgan ma’lumotlarga muvofiq okrugdagi saylovchilar sonini hisobga olgan holda chop etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing