Saylov arafasida Liviyada qurollangan shaxslar hukumat binosini egallab oldi
Olam
−
16 dekabr 2021
5306Kecha, 15 dekabr kuni kechqurun Liviya poytaxti Tripolidagi Milliy birlik hukumati shtab-kvartirasi va Mudofaa vazirligi binosiga qurollangan shaxslar bostirib kirdi. Bu haqda “Al-Jamohiriya” axborot agentligi xabar bergan.
Tripolidagi hukumat binolarining bosib olinishi Liviyada joriy yilning 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga atigi sakkiz kun qolganida sodir bo‘lgan.
“Qurolli shaxslar chorshanba kuni kechqurun Tripolidagi Milliy birlik hukumati shtab-kvartirasi va Mudofaa vazirligi binosiga bostirib kirishdi”, deyiladi xabarda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Liviya poytaxtining bir qator hududlarida energiya o‘chirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2011 yilda Liviya rahbari Muammar Qazzofiy ag‘darilib, o‘ldirilgach, Liviya yagona davlat sifatida faoliyat yuritishni to‘xtatdi. Joriy yil fevral oyi boshida Jenevada BMT rahbarligidagi Liviya siyosiy muloqot forumi 24 dekabrdagi umumiy saylovlarga qadar Liviyani boshqaradigan o‘tish davri ijroiya hokimiyatini sayladi. Prezident kengashining yangi rahbari Liviyaning Gretsiyadagi sobiq elchisi Muhammad Menfi, o‘tish davri hukumati rahbari esa liviyalik tadbirkor va siyosatchi Abdelhamid Dbeyba bo‘ldi.
LiveBarchasi