Savdo urushi: Kanada AQSH o‘rniga global yetakchi bo‘lmoqchi
Olam
−
05 aprel
5318Kanada Bosh vaziri Mark Karni AQSHga qarshi javob bojlarini joriy qilganini va Ottava Vashington o‘rniga dunyo yetakchisi bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u “Thye New York Times” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning global ta’siri zaiflashayotgan bir vaqtda Kanada davlatlarning yangi koalitsiyasiga yetakchilik qilishga tayyor. Shuningdek, Bosh vazir Amerika Qo‘shma Shtatlarining 80 yillik yetakchilik davri nihoyasiga yetganini qayd etgan va ishonch hamda erkin savdo asosida tuzilgan ittifoqlar davri ortda qolganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, u AQSHdan import qilinadigan yengil va yuk avtomobillariga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qilgan. Mark Karnining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu tariflar byudjetga 5,7 milliard dollar qo‘shimcha daromad keltiradi. Bu joriy yilning 4 mart kuni Kanada tomonidan AQSH mahsulotlariga qo‘yilgan 25 foizlik bojlar orqali kelgan taxminan 42 milliard dollarga qo‘shimcha bo‘ladi.
“Biz bu choralarni istamay qabul qilyapmiz, biroq ulardan AQSHda maksimal ta’sirga erishish, Kanada uchun esa minimal salbiy oqibatlar bilan foydalanamiz”, dedi u.
Kanada Bosh vazirining aytishicha, bojlar avtomobil qismlari importiga taalluqli bo‘lmaydi, shuningdek, Stellantis, Ford va General Motors kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilarga Kanadadagi ishlab chiqarishlari hisobiga avtomobillarni boj to‘lamasdan olib kirish imkoniyati saqlanib qoladi.
“Biz AQSHdan ko‘proq yutuqqa erisha olamiz. Bu qayergacha olib boradi – ularning o‘z iqtisodiyotiga qanday zarar yetkazishiga bog‘liq”, degan Karni.
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Oq uy importga nisbatan yangi boj tizimini joriy qilgan edi. Barcha import mahsulotlari uchun bazaviy stavka 10 foiz etib belgilangan, ayrim davlatlar uchun esa bu stavka ancha yuqori bo‘ladi: Xitoy uchun 34 foiz, Vetnam uchun 46 foiz, Yevroittifoq uchun esa 20 foiz. Mazkur harakatlar ortidan Xitoy ham AQSH tovarlariga 34 foizlik boj joriy etdi.
LiveBarchasi